Al-Mulk surasi الملك
67-sura · 30 oyat · Makkiy
Al-Mulk surasi (الملك) — 30 oyat, Makkiy. Arab matni, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi, transkripsiya, tafsir izohlari va qorilar tilovati.
بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَـٰنِ ٱلرَّحِيمِ
تَبَـٰرَكَ ٱلَّذِى بِيَدِهِ ٱلْمُلْكُ وَهُوَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ ﴿١﴾
1. Qo`lida mulk bo`lgan Zot ulug`, muqaddas bo`ldi. U barcha narsaga qodirdir.
ٱلَّذِى خَلَقَ ٱلْمَوْتَ وَٱلْحَيَوٰةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا ۚ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْغَفُورُ ﴿٢﴾
2. U, o`lim va hayotni sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinash uchun yaratdi. U aziyz va o`ta mag`firatlidir.
ٱلَّذِى خَلَقَ سَبْعَ سَمَـٰوَٰتٍ طِبَاقًا ۖ مَّا تَرَىٰ فِى خَلْقِ ٱلرَّحْمَـٰنِ مِن تَفَـٰوُتٍ ۖ فَٱرْجِعِ ٱلْبَصَرَ هَلْ تَرَىٰ مِن فُطُورٍ ﴿٣﴾
3. U yetti osmonni tabaqama-tabaqa yaratgan. Rohmanning yaratganida hech tafovut ko`rmassan. Qayta nazar sol! Biror kamchilik ko`ryapsanmi?
ثُمَّ ٱرْجِعِ ٱلْبَصَرَ كَرَّتَيْنِ يَنقَلِبْ إِلَيْكَ ٱلْبَصَرُ خَاسِئًا وَهُوَ حَسِيرٌ ﴿٤﴾
4. So`ng takror-takror nazar sol, nazar senga istaganini topa olmay, horib-charchagan holda qaytadir.
وَلَقَدْ زَيَّنَّا ٱلسَّمَآءَ ٱلدُّنْيَا بِمَصَـٰبِيحَ وَجَعَلْنَـٰهَا رُجُومًا لِّلشَّيَـٰطِينِ ۖ وَأَعْتَدْنَا لَهُمْ عَذَابَ ٱلسَّعِيرِ ﴿٥﴾
5. Va darhaqiqat, Biz yaqin osmonni chiroqlar bilan ziynatlab qo`ydik va u(chiroq)larni shaytonlarga otiladigan narsa ham qilib qo`ydik. Va u(shayton)larga olovi qizib turgan jahannamni tayyorlab qo`ydik.
وَلِلَّذِينَ كَفَرُوا۟ بِرَبِّهِمْ عَذَابُ جَهَنَّمَ ۖ وَبِئْسَ ٱلْمَصِيرُ ﴿٦﴾
6. O`z Robbilariga kufr keltirganlar uchun jahannam azobi bordur va u qanday ham yomon qaytadigan joy!
إِذَآ أُلْقُوا۟ فِيهَا سَمِعُوا۟ لَهَا شَهِيقًا وَهِىَ تَفُورُ ﴿٧﴾
7. Ular jahannamga tashlangan chog`larida uning hangragan ovozini eshiturlar, u esa, qaynab turgan bo`ladir.
تَكَادُ تَمَيَّزُ مِنَ ٱلْغَيْظِ ۖ كُلَّمَآ أُلْقِىَ فِيهَا فَوْجٌ سَأَلَهُمْ خَزَنَتُهَآ أَلَمْ يَأْتِكُمْ نَذِيرٌ ﴿٨﴾
8. U g`azabdan yorilib ketay der. Har qachon unga yangi guruh tashlanganda, uning xizmatkorlari: «Sizlarga ogohlantiruvchi kelmaganmidi?» – deb so`raydir.
قَالُوا۟ بَلَىٰ قَدْ جَآءَنَا نَذِيرٌ فَكَذَّبْنَا وَقُلْنَا مَا نَزَّلَ ٱللَّهُ مِن شَىْءٍ إِنْ أَنتُمْ إِلَّا فِى ضَلَـٰلٍ كَبِيرٍ ﴿٩﴾
9. Ular: «Ha, darhaqiqat, bizga ogohlantiruvchi kelgan edi. Lekin biz (uni) yolg`onchiga chiqardik va: «Alloh hech narsa tushirgani yo`q, sizlar katta adashuvdan boshqa hech narsa emassizlar», degan edik», deyishar.
وَقَالُوا۟ لَوْ كُنَّا نَسْمَعُ أَوْ نَعْقِلُ مَا كُنَّا فِىٓ أَصْحَـٰبِ ٱلسَّعِيرِ ﴿١٠﴾
10. Va ular: «Agar e'tibor qulog`i bilan eshitganimizda yoki aqlni ishlatganimizda edi, do`zaxiylar orasida bo`lmagan bo`lar edik», derlar.
فَٱعْتَرَفُوا۟ بِذَنۢبِهِمْ فَسُحْقًا لِّأَصْحَـٰبِ ٱلسَّعِيرِ ﴿١١﴾
11. Bas, ular o`z gunohlarini e'tirof etdilar. Yo`qolsin do`zaxiylar!
إِنَّ ٱلَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُم بِٱلْغَيْبِ لَهُم مَّغْفِرَةٌ وَأَجْرٌ كَبِيرٌ ﴿١٢﴾
12. Albatta, o`z Robbilaridan g`oyibdan qo`rqadiganlar uchun gunohlarini kechish va ulkan ajr-savoblar bordir.
وَأَسِرُّوا۟ قَوْلَكُمْ أَوِ ٱجْهَرُوا۟ بِهِۦٓ ۖ إِنَّهُۥ عَلِيمٌۢ بِذَاتِ ٱلصُّدُورِ ﴿١٣﴾
13. Va siz so`zingizni sir tutasizmi yoki oshkora aytasizmi, albatta, U ko`ngillardagini ham bilguvchi Zotdir.
أَلَا يَعْلَمُ مَنْ خَلَقَ وَهُوَ ٱللَّطِيفُ ٱلْخَبِيرُ ﴿١٤﴾
14. Yaratgan zot O`zi bilmasmi? Holbuki, U daqiqlargacha biluvchi va xabardordir.
هُوَ ٱلَّذِى جَعَلَ لَكُمُ ٱلْأَرْضَ ذَلُولًا فَٱمْشُوا۟ فِى مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا۟ مِن رِّزْقِهِۦ ۖ وَإِلَيْهِ ٱلنُّشُورُ ﴿١٥﴾
15. U sizlarga yerni bo`ysundirib qo`ygan Zotdir. Bas, aning turli joylarida yuring va Uning rizqidan yeng va qabrdan chiqib borish ham Uning huzuriga bo`ladir.
ءَأَمِنتُم مَّن فِى ٱلسَّمَآءِ أَن يَخْسِفَ بِكُمُ ٱلْأَرْضَ فَإِذَا هِىَ تَمُورُ ﴿١٦﴾
16. Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo`ldingizmi?
أَمْ أَمِنتُم مَّن فِى ٱلسَّمَآءِ أَن يُرْسِلَ عَلَيْكُمْ حَاصِبًا ۖ فَسَتَعْلَمُونَ كَيْفَ نَذِيرِ ﴿١٧﴾
17. Yoki osmondagi Zot sizlarga azob shamolni yuborishidan omonda bo`ldingizmi? Bas, albatta, ogohlantirish qandoq bo`lishini bilasizlar.
وَلَقَدْ كَذَّبَ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ فَكَيْفَ كَانَ نَكِيرِ ﴿١٨﴾
18. Va, darhaqiqat, ulardan avvalgilari ham yolg`onga chiqargan edilar. Bas, inkorim qanday bo`ldi?!
أَوَلَمْ يَرَوْا۟ إِلَى ٱلطَّيْرِ فَوْقَهُمْ صَـٰٓفَّـٰتٍ وَيَقْبِضْنَ ۚ مَا يُمْسِكُهُنَّ إِلَّا ٱلرَّحْمَـٰنُ ۚ إِنَّهُۥ بِكُلِّ شَىْءٍۭ بَصِيرٌ ﴿١٩﴾
19. Tepalarida (qanotlarini) yoyib va yig`ib (uchayotgan) qushni ko`rmaydilarmi? Ularni Rohmandan boshqa ushlab turuvchi yo`q. Albatta, U barcha narsani ko`ruvchidir.
أَمَّنْ هَـٰذَا ٱلَّذِى هُوَ جُندٌ لَّكُمْ يَنصُرُكُم مِّن دُونِ ٱلرَّحْمَـٰنِ ۚ إِنِ ٱلْكَـٰفِرُونَ إِلَّا فِى غُرُورٍ ﴿٢٠﴾
20. Rohmandan boshqa sizlarga yordam beradigan askar kim o`zi? Kofirlar g`ururdan boshqa hech narsada emaslar!
أَمَّنْ هَـٰذَا ٱلَّذِى يَرْزُقُكُمْ إِنْ أَمْسَكَ رِزْقَهُۥ ۚ بَل لَّجُّوا۟ فِى عُتُوٍّ وَنُفُورٍ ﴿٢١﴾
21. U rizqni tortib qo`ysa, sizga rizq beradigan kim o`zi?! Balki ular abadiy tug`yonda va haqdan nafratda bo`lurlar.
أَفَمَن يَمْشِى مُكِبًّا عَلَىٰ وَجْهِهِۦٓ أَهْدَىٰٓ أَمَّن يَمْشِى سَوِيًّا عَلَىٰ صِرَٰطٍ مُّسْتَقِيمٍ ﴿٢٢﴾
22. Yuz tuban qoqilib yurayotgan kishi hidoyatdami yoki to`g`ri yo`ldan qomatini tik tutib borayotgan kishimi?
قُلْ هُوَ ٱلَّذِىٓ أَنشَأَكُمْ وَجَعَلَ لَكُمُ ٱلسَّمْعَ وَٱلْأَبْصَـٰرَ وَٱلْأَفْـِٔدَةَ ۖ قَلِيلًا مَّا تَشْكُرُونَ ﴿٢٣﴾
23. Ayt: «U sizlarni yo`qdan bor qilgan va sizlarga eshitish, ko`rish va aqlni bergan Zotdir. Juda ham oz shukr qilasizlar-a?!»
قُلْ هُوَ ٱلَّذِى ذَرَأَكُمْ فِى ٱلْأَرْضِ وَإِلَيْهِ تُحْشَرُونَ ﴿٢٤﴾
24. Ayt: «U sizlarni yer yuzida yaratgan, ko`paytirgan Zotdir. Va Uning huzuriga to`planursizlar».
وَيَقُولُونَ مَتَىٰ هَـٰذَا ٱلْوَعْدُ إِن كُنتُمْ صَـٰدِقِينَ ﴿٢٥﴾
25. Va ular: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, bu va'da qachon bo`lur?» – derlar.
قُلْ إِنَّمَا ٱلْعِلْمُ عِندَ ٱللَّهِ وَإِنَّمَآ أَنَا۠ نَذِيرٌ مُّبِينٌ ﴿٢٦﴾
26. Ayt: «Albatta, ilm faqat Allohning huzuridadir. Va albatta, men yaqqol ogohlantiruvchiman, xolos».
فَلَمَّا رَأَوْهُ زُلْفَةً سِيٓـَٔتْ وُجُوهُ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَقِيلَ هَـٰذَا ٱلَّذِى كُنتُم بِهِۦ تَدَّعُونَ ﴿٢٧﴾
27. Bas u(azob)ni yaqindan ko`rganda kufr keltirganlarning yuzlari qorayadir. Va ularga: «So`ragan narsangiz shu bo`lur», deyilur.
قُلْ أَرَءَيْتُمْ إِنْ أَهْلَكَنِىَ ٱللَّهُ وَمَن مَّعِىَ أَوْ رَحِمَنَا فَمَن يُجِيرُ ٱلْكَـٰفِرِينَ مِنْ عَذَابٍ أَلِيمٍ ﴿٢٨﴾
28. Ayt: «Aytinglar-chi, agar Alloh meni va men bilan bo`lganlarni halok qilsa yoki rahim qilsa, kofirlarni alamli azobdan kim qutqarib qoladir?!
قُلْ هُوَ ٱلرَّحْمَـٰنُ ءَامَنَّا بِهِۦ وَعَلَيْهِ تَوَكَّلْنَا ۖ فَسَتَعْلَمُونَ مَنْ هُوَ فِى ضَلَـٰلٍ مُّبِينٍ ﴿٢٩﴾
29. Ayt: «U Rohmandur, biz Unga iymon keltirdik va Unga tavakkal qildik. Bas, sizlar tezda kim ochiq-oydin xatoda ekanini bilursizlar».
قُلْ أَرَءَيْتُمْ إِنْ أَصْبَحَ مَآؤُكُمْ غَوْرًا فَمَن يَأْتِيكُم بِمَآءٍ مَّعِينٍۭ ﴿٣٠﴾
30. Ayt: «Aytinglar-chi, agar suvlaringiz yerga singib ketsa, sizlarga kim osongina topiladigan suvni keltirur?»